Jamoaning Ma’muriy Boshqarilish Tartibi

 «E’tiqod institutlari tajriba orttirgan sari… ular tobora mohirlik bilan munosib tashabbuslarga nisbatan o‘z yordami, rag‘bati, mehrli rahnamoligi va zahiralarni taklif etmoqdalar; o‘z oralarida va o‘zlari xizmat qilayotgan odamlar bilan erkin va hamohang maslahatlar qurmoqdalar; jamiyat transformatsiyasiga qaratilgan individual va kollektiv energiyani yo‘naltirmoqdalar».

— Umumjahon Adolat Uyi

O‘zbekistondagi bahoiylar o‘z do‘stlari va qo‘ni-qo‘shnilari davrasida barcha uchun ham moddiy, ham ma’naviy taraqqiyotga hissa qo‘sha oladigan jamoa namunasini qurishda birgalikda mehnat qilishni o‘rganmoqdalar.

Oʼzbekiston Bahoiy jamoasining faoliyati mahalliy, hududiy va milliy darajadagi tanlangan institutlar boshchiligida amalga oshiriladi. Bu institutlar Bahoiy jamoasining ijtimoiy va maʼnaviy farovonligi, shuningdek, ular atrofidagi jamiyatga ham gʼamxoʼrlik qiladilar.

Bahoiy Eʼtiqotida ruhoniylar instituti boʼlmaganligi sababli, barcha hokimiyat (hukm) bu institutlarning aʼzosi boʼlgan shaxslarga emas, balki shu saylangan institutlarga tegishlidir. Mahalliy Ruhoniy Kengash, Hududiy Bahoiy Kengash va Milliy Ruhoniy Kengashlariga saylovlar har yili, hech qanday saylov oldi kampaniyasiz yoki nomzodlarni koʼrsatishsiz ibodat hamda mulohaza ruhida yashirin ovoz berish yoʼli bilan oʼtkaziladi. 18 yoshdan oshgan roʼyxatga olingan bahoiylar saylovda ovoz berishlari va 21 yoshdan oshgan bahoiylar bu institutlarga saylanishi mumkin.

Ovoz berishda har bir saylovchiga vafo va sadoqat, yetuk tajriba, yaxshi charxlangan aql va boshqa axloqiy fazilatlar, donolik hamda tajriba kabilarni o‘zida eng yaxshi birlashtirgan jamoa a’zolarini e’tiborga olish tavsiya etiladi, shuningdek, har bir saylovchi murakkab vazifalarni bajarish va jamoani boshqarish hamda rahbarlik qilishda yordam berishga munosib deb bilganlarga ovoz beradi. Bundan tashqari, Bahoiy saylovlarida bu organlar tarkibida yoshi, jinsi va irqi bo‘yicha xilma-xillik bo‘lishi muhim tarkibiy qism hisoblanadi.

Har 19 kunda bahoiylar va ularning do‘stlari “O‘n to‘qqizinchi kun Ayyomi” yoki shunchaki Ayyom deb nomlangan tadbirga yig‘ilishadi. Ushbu Ayyomga jamoaning barcha a’zolari – kattalar, yoshlar va bolalar taklif qilinadi. O‘n to‘qqizinchi kun Ayyomi uch asosiy qismdan iboratdir. Birinchisi – ibodat qismi bo‘lib, unda, duolar va Muqaddas Bitiklardan parchalar o‘qiladi. Ikkinchisi – ma’muriy qism, unda do‘stlar jamoa ishlari borasida maslahatlashishadi, Mahalliy Ruhoniy Kengashning hisobotlari ko‘rib chiqiladi va muhokama qilinadi. Uchinchisi – ijtimoiy qism. Bu vaqt davomida hozir bo‘lganlar bir-biri bilan muloqotdan zavqlanishadi va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashadi.

Bahoiy E’tiqodi 1880-yillardan boshlab Turkiston hududida paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, birinchi Mahalliy Ruhoniy Kengash 1929 yilda Samarqandda tuzilgan. Markaziy Osiyo Hududiy Ruhoniy Kengashi, qo‘shma organ bo‘lib, birinchi marta 1991 yilda saylangan. 1994 yil O‘zbekistonda o‘zining Milliy Kengashi tuzildi. 1995 yilga kelib, O‘zbekistonning to‘qqizta shahrida Mahalliy Ruhoniy Kengashlar tashkil etildi. Bugungi kunda Mahalliy Kengashlar mamlakatning 7 ta tumanida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Umumjahon Adolat Uyi – butun dunyo Bahoiy hamjamiyatining xalqaro boshqaruv organi bo‘lib, uning to‘qqizta a’zosi har besh yilda Milliy Kengashlarning barcha a’zolari tomonidan saylanadi. Umumjahon Adolat Uyi, uning rahbarligi ostida harakat qiladigan va bahoiy jamoasining hayotiga ta’sir ko‘rsatadigan aloxida mo‘minlarni Mushovir etib tayinlaydi. Mushovirlar va ularning tayinlangan yordamchilari harakatni rag‘batlantiradi, individual tashabbusni tarbiyalaydi va bahoiy jamoalarida ta’limning tarqalishiga hissa qo‘shadi, qo‘shimcha ravishda ular Ruhoniy Kengashlarga maslahatlar berishadi.

Bahoiy ma’muriyatining muhim jihati jamoa hayotini rivojlantirish uchun moddiy resurslarni rivojlantirishdir. Jamoa fondlarini/jamg‘armalarini qo‘llab-quvvatlash bahoiylar uchun imtiyoz hisoblanadi. Ushbu fondlarga/jamg‘armalarga qilingan barcha xayriyalar qat’iy ixtiyoriy hamda maxfiydir va faqat ro‘yxatdan o‘tgan mo‘minlar tomonidan qabul qilinadi. Pul yig‘ish uchun majburlash yoki manipulyatsiyadan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Bahoiy Ma’muriy Tartibi >

Bahoiy jamoalari faoliyati har birining o‘z amal qilish sohasidan iborat bo‘lgan muassasalar tizimi orqali boshqariladi.

 

Institutsional salohiyat >

Bahoiy jamoasining ma’muriy tuzilmalarini rivojlantirish va ular bilan bog’liq jarayonlarni takomillashtirish.