Ahmadga bag‘ishlangan lavha

U Sultondir, har narsani bilguvchi va Hakim! Mana, jannat bulbuli Mangulik Daraxti butoqlaridan muqaddas va yoqimli navolar ila kuylayotirki, u Ollohning yaqinligi haqidagi xushxabarni samimiylarga tarannum etmoqda, Ilohiy Vahdoniyatga ishonuvchi mo‘minlarni Karim Xudo huzuriga chorlamoqda, inqito’ etganlarga Molik, Shonli, Vohid Olloh tomonidan nozil etilgan xabarni yetkazib, oshiqlarni muqaddaslik taxtiga va ushbu betimsol Jamolga yetaklamoqda.

Chindan ham bu - Rasullar Kitoblarida bashorat qilingan Azim Go‘zallikdirki, u bois haq botillikdan farqlangay va din amrlarining hikmatlari tasdiqlangay. Darhaqiqat, U Qudratli, Azim Ollohning samarini berguvchi Hayot Daraxtidir.

Yo Ahmad! Guvohlik berginki, darhaqiqat, U Olloh, illo Undan o‘zga Molik, Muhofaza etguvchi, Beqiyos va Qodir Olloh yo‘qdir va Uning Ali ismi ila yuborgan Zoti, haqiqatda Ollohdan edi va Uning amrlariga barimiz itoat etamiz.
Ayt: Ey bandalar, Shavkatli, Hikmatli Ollohning Bayonida hukm etilgan qonunlarga itoat qilgaysiz; U chindan ham Rasullar Sultoni, Uning Kitobi esa Ona kitobdir, qani edi buni bilsangiz.

Bulbul o‘z Kalomini sizlarga ushbu zindondan turib zikr etmoqda. U faqat ushbu pok xabarni yetkazguvchidir, xolos. Kimki istasa, bu nasihatdan yuz o‘girsin va kimki istasa, o‘z Rabbining yo‘lini tanlasin.
Ey bandalar, agar ushbu oyatlarni rad etsangiz, Ollohga iymon keltirganingizni qanday isbotlaysiz? Uni zohir eting, ey yolg‘onchilar guruhi!

Yo‘q, jonim Kimning qo‘lida bo‘lsa, Uning yodi haqi, ular bunga qodir emaslar va hech qachon, hatto birga yig‘ilib, bir-birlariga madad berganlarida ham buni eplay olmaslar.

Yo Ahmad! Mening yo‘qligimda inoyatlarimni unutma. Mening kunlarimni o‘z kunlaringda yodda saqla, Mening bu xilvat zindondagi kulfatlarim va g‘urbatlarimni ham esla. Menga bo‘lgan muhabbatingda qat’iy tur, dushman qilichlari muttasil sermanib turganda ham, osmonu zamindagilar senga qarshi yurganida ham sobit bo‘l.

Dushmanlarim uchun nor alangasi, habiblarim uchun esa boqiy hayot kavsari bo‘l va shubhalanuvchilar safidan bo‘lma.

Mabodo, yo‘limda kulfatga uchrasang yoki Mening Ismim bois zillat ko‘rsang, zinhor iztirob chekma.

Ollohga, sening va ajdodlaring Ollohiga tavakkul qil. Zero, xaloyiq o‘z nigohi bilan Ollohni ko‘rolmaydigan va o‘z qulog‘i bilan Uning navolarini eshita olmaydigan gumrohlik yo‘lidan borayotir. Shu holda biz ularni ko‘rib turgaymiz va sen ham bunga shohidsan.
Binobarin, ularning xurofotlari o‘zlari va qalblari o‘rtasida pardaga aylanib, Oliy, Azim Olloh yo‘lidan chetlantirmishdir.

Iymoning komil bo‘lsinkim, darhaqiqat ushbu Jamoldan yuz o‘girgan kimsa, azal-azaldan avvalgi Rasullardan ham yuz o‘girgan va Ollohga takabburlik qilganlardan bo‘ladi.

Yo Ahmad, ushbu lavhani xotiringga muhrla! O‘z kunlaringda uni kuyla va o‘zingni bundan to‘xtatma. Chunki Olloh, darhaqiqat, buni kuylaguvchilar uchun yuzta shahid ajrini va har ikki dunyodagi ibodat mukofotini tayin etgan. Biz senga O‘z ne’matimiz va Huzurimizdagi Marhamatimiz sifatida, sen ham shukr qilganlar safida bo‘lishing uchun ushbu inoyatlarni ato etdik.

Olloh haqi! Kimki ushbu lavhani boshiga musibat yoki g‘am-kulfat tushganida sidqidildan o‘qisa, Olloh uning g‘amlarini aritgay, mushkulotini oson qilgay va kulfatlarini mahv etgay.

Darhaqiqat, U Marhamatli, Rahmonu Rahimdur. Alhamdullilahi Rabbil Olamin.

Hazrati Bahoulloh

Found a typo? Please select it and press Ctrl + Enter.