O'zbekiston Bahoiylar jamoasining zamonaviy jamiyatimizdagi o'zgarishlarga bo'lgan qarashi vamunosabati.

Bahoiylar jamiyat taraqqiyoti haqida shunday bir qarashga tayanadilar-ki, unga binoan, butun insoniyatning ayni paytdagi kollektiv hayoti, insoniy o'smirlik davrining bezovta, ammo istiqbolli yillari kabi, o'tish davriga qiyoslanadi. Zamonaviy hayotning bundayin tashvish va tartibsizliklari ortida, bor kuchi bilan etuklikka talpinayotgan insoniyatning tahlikali urinishlari yashirindir.

Ayni paytda, insoniyat evolyutsion jarayonning navbatdagi bosqichiga yaqinlashmoqdaki, bu jarayon uni kollektiv go'daklik pallasidan etuklik ostonasiga, ya'ni, insoniyat irqining birlashayotganidan dalolat beruvchi keyingi pog'onaga olib keldi.

Biz hayotning barcha jabhalarida kechayotgan inqirozli va inqilobiy o'zgarishlar zamirida, ikki fundamental kuchning ta'sirini ko'rmoqdamiz, ulardan biri bunyodkor - integratsiya, ikkinchisi esa, vayronkor - dezintegratsiyadir.

Vayronkor kuchlarning alomatlari oshkor va ularga diqqatni ko‘p jamlash arzimaydi, biroq, shuni ta’kidlash joizki, ijtimoiy dezintegratsiyaning vayronkor kuchlari bilan to‘qnashgan kishilar, jamiyatimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga nisbatan ham, bexos ravishda tanqidiy munosabat bildira boshlaydilar.
Garchi o‘z ta’sirida vayronkor bo‘lsa-da, parokandalik kuchlari insoniyat taraqqiyotiga xalal beruvchi to‘siqlarni uloqtirib tashlashga harakat qilib, integratsiya jarayonlari uchun turli guruhlarni birgalikda yaqinlashtirish, ular o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir va hamkorlikka nisbatan bo‘lgan yangi yo‘llarni ochish imkonini bermoqda.

Rivojlanib borayotgan tizimning turli unsurlarini aybdor qilish - mantiqsiz mashg‘ulot ekanligini aniq tushunib yetishimiz lozim bo‘lgan davr keldi.
Bu shuni anglatadiki, oxir-oqibat biz soddalashtirilgan javoblar yoki tanqidiy fikrlar tendentsiyasidan voz kechishimiz va o‘z sa’y harakatimizni jamlab, ijobiy o‘zgarishlarga olib keluvchi hayotiy yechimlarni izlashga yo‘naltirishimiz lozim, jumladan,hukumatimiz tomonidan bu sohada ishlab chiqilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bunga misol bo‘la oladi.

Shu munosabat bilan ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda, boshqa islohotlar qatorida diniy tashkilotlar bilan muloqotni dinamik va izchil tashkil etish borasida ham muhim o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Davlat tuzilmalari dinning jamiyatdagi ijobiy o‘zgarishlarga olib keluvchi vazifasining mohiyatini batafsil o‘rganib, uning manfaatlarini inobatga olishni boshladilarki, bu bizning kollektiv ongimiz o‘zining yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilayotganidan yaqqol dalolatdir.
Davlatimiz tomonidan bugungi kunda turli diniy tashkilot vakillari uchun maxsus davralarning tashkil etilishi, bu davralarda ularning bari teng ravishda taqdim etilishi va biror bir diniy tashkilotga ko‘proq e’tibor berilib, boshqa birining kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmayotganligiga biz shohid bo‘layapmiz.
Diniy tashkilotlar masalalari muhokama qilinadigan qator bevosita teleko‘rsatuvlarning boshlanishi; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga qoshida, barcha ro‘yxatdan o‘tilgan konfessiya vakillari a’zoligidan tashkil topuvchi konfessiyalar bo‘yicha Kengashning tashkil etilishi borasida olib borilayotgan ishlar ham yuqorida tilga olingan tashabbuslar jumlasidandir.
Bunday keng ko‘lamli jamoatchilik Kengashi mamlakatimizda ilk marotaba joriy qilinmoqda; bunday sharoit barcha din vakillari uchun davlat va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi ochiq, konstruktiv muloqot bobida go‘zal va teng imkoniyatlar yaratadi.

Respublikamizda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar” to‘g‘risidagi qonunni takomillashtirish bo‘yicha ham ishlar boshlanib, ushbu loyiha yaqinda umumxalq muhokamasiga taklif etilishi haqida gapirilmoqda.

Bu o‘zgarishlardan umid katta, negaki, bunday ochiq muloqotlar tufayli ko‘plab tushunmovchiliklar, jumladan, diniy tashkilotlar to‘g‘risida, ularning mohiyati va faoliyati to‘g‘risidagi ilgari qabul qilingan noto‘g‘ri tushunchalar bartaraf etiladi.
Yuqorida ta’kidlanganmaxsus davralarning yana bir vazifasi - nafaqat, diniy jamoalarga taranglik va ishonchsizlikni bartaraf etish uchun bir-birlarini tushunishga chorlash, murosada yashashni o‘rganishda ko‘maklashish, balki, birgalikda faol hamkorlik qilish va jamiyatimiz farovonligi uchun samimiy xizmat qilishda yordamlashishdan ham iboratdir.

Biz amalga oshirilayotgan islohotlardan jamiyatimiz va mamlakatimizdagi vaziyatni bir onda o‘zgartirishini kutmaymiz.

Bu katta, oliymaqsadli va mehnattalab ish bo‘lib, qarashlar birligini, hamda, ommaviy ishtirokni talab etadigan uzoq muddatli jarayon. Biz skeptiklar tanqidiga e’tibor qaratmay, birgalikda, yelkama yelka - har birimiz o‘z sohamizda chin ko‘ngildan mehnat qilishimiz lozim, toki qabul qilingan islohotlar bizni farovon va adolatli jamiyatga yetaklasin.

O‘zbekiston Bahoiylar jamoasi

 

Found a typo? Please select it and press Ctrl + Enter.