Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda dinning o'rni

Soʼnggi oylarda, sayyoramiz jamoaviy sogʼliqni saqlash sohasida, surʼat va miqyos jihatidan mislsiz boʼlgan inqirozga tushdi. Olti milliondan ortiq odam koronavirus bilan kasallandi va uch yuz mingdan ortiq odam bu kasallikdan vafot etdi, ushbu pandemiyaning iqtisodiyot va jamiyat hayotiga koʼrsatgan taʼsirini, hali toʼlasincha baholab boʼlmaydi. Sodir boʼlayotgan ofatlar va tushkunlik jarayonida, din, koʼpincha, ham salbiy ham ijobiy maʼnoda tilga olindi. Bir tomondan, ushbu noaniqlik davrida odamlar umid, kuch va maʼnaviy madad ilinjida dinga murojaat qildilar. Din ularga birdamlik hissini va boshqalarga, ayniqsa, himoyasiz odamlarga xizmat qilish istagini bagʼishladi. Аyni paytning oʼzida, dinning nomi koʼpincha, yakkalanishlik va istisnolik tuygʼusini taʼkidlash, bidʼatlarni parvarishlash, fanni rad etish va xurofotni qoʼllab-quvatlash uchun ishlatildi.

Mazkur oldin koʼrilmagan ushbu inqiroz davrida, mavjud ulkan xavfni engib oʼtish uchun, hamma birlashib hamkorlik qiladigan vaqt kelgan bir paytda, din nomidan qilingan bayonotlar va koʼrsatmalar juda asosli va izchil boʼlishi kerak. Ular ushbu pandemiyaga qanday munosabatda boʼlish kerakligi borasida fikrni chalkashtirmasligi va joriy etilgan ilmiy tavsiyalarga zid boʼlmasligi kerak. Bunga javoban biz, turli diniy konfessiyalar va dinlararo guruhlar vakillari, hozirgi inqirozga javob boʼla oladigan, barcha dinlar uchun umumiy va muhim hisoblangan tamoyillarni tasdiqlashimiz va buning uchun maʼsuliyatni oʼz zimmamizga olishimiz shart. Biz barcha din vakillarini ushbu tamoyillarga sodiq boʼlgan holda birlashishga va har qanday tafovutlarni keng milliy manfaatlar haqi chetga surishga chaqiramiz. Din, ehtimol inson vijdonini umumiy manfaatlarga xizmat qilishga jalb etuvchi eng kuchli vositadir. Sarosima davrida iymon zahiralarini yagona kuchga birlashtirish va ushbu kollektiv tashabbusga turtki berish uchun ishlatmaslik, kechirilmas beparvorlik.


Ayni paytda, din bir ovozdan gapiradigan boʼlsa, avvalambor, biz barcha dinlar asosining umumiyligi tamoyilini qabul qilishga kelishishimiz kerak. Garchi, har bir din oʼz maʼlum tarixiga yoki jugʼrofiy paydo boʼlishiga xos boʼlgan alohida xususiyatlarga ega boʼlsa-da, barcha dinlarning asosiy ruhiy va axloqiy tamoyillari birdir. Barcha dinlar inson tabiatida yashirin boʼlgan ruhiy va axloqiy qobiliyatlarni rivojlantirish va ushbu imkoniyatlar gullab-yashnashi mumkin boʼlgan, umumbashar rivoji va farovonligiga yoʼnaltirilgan jamiyatni barpo etish maqsadi bilan kelganlar. Turli dinlarning ijtimoiy tamoyillari, qonunlari va marosimlari oʼzgaruvchan tarixiy ehtiyojlar va sharoitlarga qarab farq qilsa ham, oxir-oqibat ular bir maqsadga, yaʼni, insoniyatni kollektiv yetuklikka eltishga xizmat qiladilar. Dinlar birdamligining bunday ahamiyatga molik tushunchasi, kollektiv muammolarga qarshi kurashishda, barcha din vakillariga umumiy maʼnaviy merosga tayanishni oʼrganish uchun asos yaratadi. Shuningdek, dunyoda yuz bergan soʼnggi voqealar koʼrsatganidek, bu, inqiroz davrida paydo boʼlishi va ijtimoiy tanglikni kuchaytirishi mumkin boʼlgan diniy xurofotlardan voz kechishni taʼminlaydigan zaruriy poydevordir.


Ushbu mushkul davrda, taʼkidlab oʼtilishi kerak boʼlgan eng muhim diniy tamoyil, bu, barcha odamlarning birligi. Barcha dinlarning markazida — jismoniy vujud chegarasidan tashqarida boʼlgan, ruhiy inson tushunchasi yotadi. Ruh deb ataladigan bu ruhiy voqeʼlik, ilohiy fazilatlar va sifatlar manbai boʼlib, odamlarga altruizm, fidoyilik kabi xulq-atvor namunalarini namoyish etishga imkon beradi. Aynan mana shu ruhiy tabiat, shaxsning muhim oʼzligidir. Barcha odamlar uchun umumiy boʼlgan mana shu fundemental oʼzlik asosida, insoniyat barcha dunyoviy dinlarning muqaddas bitiklariga muvofiq holda yagona hisoblanadi. Xuddi shunday, dinning bizga oʼrgatadigan idealiga koʼra, butun insoniyat yagona bir oila aʼzolari yoki bir tananing hujayralari kabi oʼzaro bogʼliqdir. «Nima uchun sizlarni bir tuproqdan yaratganimizni bilurmisiz? Toki hech kim oʼzini boshqalardan ustun tutmasligi uchun», - deyiladi Bahoiy Bitiklarida. «Kimki hayotning birligini anglasa, oʼz oʼzligini barcha mavjudotlarda koʼradi va barcha mavjudotlarni oʼz oʼzligida koʼradi, hamda, barchasiga xolis nigoh bilan qaraydi», - deb yozgan Budda. «Kimki Ollohni har bir yaralmishda bir xilda koʼrsa, demak, u haqiqatan koʼrguvchidir,… u Ollohni har yerda koʼradi, na oʼziga, na boshqalarga zarar yetkazadi», - deydi Krishna. Tavrotda: "Oʼz qoʼshningizni xuddi oʼzingiz kabi sevmogʼingiz lozim", - deb aytilgan. “Hech kim hech qachon Xudoni koʼrgan emas; valekin, biz bir-birimizni sevsak, Xudo bizda yashaydi va Uning muhabbati bizga joy boʼladi”- Iso Masihning soʼzlari. Shunga oʼxshash, Qurʼoni Karimda shunday deyilgan: "Ota-onangizga, qarindoshingizga, etimlarga, muhtojlarga va tanishu, notanish boʼlgan qoʼshningizga, yoningizda boʼlgan doʼstingiz va yurtingizdagi musofirga mehr-muruvvat koʼrsating ...".


Bugungi kunda koronavirusning tarqalishi, insoniyat oilasining birligi va bir-biriga bogʼliqligidan dalolat beradi, bunda bir kishining farovonligi barchaning farovonligiga bogʼliq. Soʼnggi oʼtgan bir necha hafta koʼrsatganidek, ushbu inqirozdan chiqishga harakat qilar ekanmiz, yoʼlimizda turgan eng katta toʼsiqlardan biri bu, xudbinlikka moyillik tendentsiyasi, yaʼni, shaxs, jamiyat yoki millat darajasidagi xudbinlik. Аsrlab davom etgan dunyoni "biz" va "ular" ga ajratish (aksariyat, din nomi bilan) va oʼzimiz tegishli boʼlgan muayyan guruh manfaatlari doirasini cheklash odatlari, hozirgi inqiroz sharoitida hayot uchun xavfli boʼlgan aldanish boʼlib chiqdi.
Insoniyat birligi printsipi, Yaratuvchiga va insoniyatga boʼlgan muhabbatni izhor etish qonuni bilan chambarchas bogʼliq boʼlib, umumbashar farovonligi uchun fidokorona xizmat qilishda oʼz ifodasini topadi. Bu shuni anglatadiki, xizmat zamonaviy dunyoda insoniyatning ehtiyoj va muammolarini qondirish kontekstida boʼlishi kerak. Iymonli boʼlish, shu erda va hozirning oʼzida, insoniyatning faol xizmatchisiga aylanish demakdir, toki, oʼz iqtidor va qobiliyatlarimizdan zamona muammolarni hal etishda va insoniyat ravnaqiga hissa qoʼshishda foydalana olaylik. Oʼz vazifalarini hayotlariga xavf ostiga qoʼyib boʼlsada bajarayotgan shifokorlar, tibbiyot xodimlari, tartibni saqlash xodimlari, ommaviy axborot vositalari va hukumat vakillari, mana shunday fidokorona xizmat ruhining namoyon boʼlishiga oʼrnakdirlar. Hech shubha yoʼqki, shunday shijoatli kishilarning aksariyati, har kuni va har soatda oʼz xizmat vazifalarini bajarishda duch kelishi mumkin boʼlgan xavflar toʼgʼrisida oʼz vijdonlari oldida oʼylanar ekanlar, oʼz urinishlarini qoʼllab-quvvatlovchi va qatʼiyatlarini kuchaytiruvchi ishonchni, aynan oʼz ruhiy eʼtiqodlaridan topmoqdalar. Oldindagi kunlar, haftalar va oylar davomida koʼplab odamlar xalq xizmatida fidokorona ishlashga chaqiriladi. Ushbu xizmat qanchalik kichik boʼlmasin, barchaning farovonligi uchun zarurdir. Darhaqiqat, ijtimoiy masofa meʼyorlariga qatʼiy rioya qilib, ular keltirib chiqaradigan ijtimoiy va iqtisodiy cheklovlarni hozirlik bilan qabul qilish orqali qonunga itoat etadigan fuqarolarning ayni mana shu harakatlarini, barchaga xizmat qilishning hayotiy muhim shakli deb hisoblash mumkin.


Va nihoyat, baʼzan pandemiya kontekstida din nomidan ifodalangan diniy aqidaparastlik, xurofot va fanga nisbatan nafrat hollari haqida ozgina mushohada. Ular nafaqat virus tomonidan minglab xavf ostida qolgan odamlarga behisob zarar etkazishi bilan, balki, ushbu masala boʼyicha ommaviy munozaralarning yarim haqiqat, yolgʼon, fitna nazariyalari va oxir zamon qissalari tomonidan buzilganligi sabab, odamlar qalbi va ongini qora bulut singari qoplab, ularning fikrlarini chalkashtirishi tufayli ham ziyonlidir. Bu zulmatni tarqata oladigan narsa, haqiqiy dinning ilm-fan bilan uygʼun boʼlishligi va ong uchun maqbul boʼlishlik printsipidir. Xuddi ilm-fan jismoniy olamni boshqaruvchi qonunlarni kashf etishga yordam bergani kabi, din ruhiy voqeʼlikka oid qonun va tamoyillarini oshkor etadi. Hayotning ham maʼnaviy, ham moddiy jihatlarida olgʼa siljish uchun insoniyatga fan ham, din ham kerak. Din oʼzining asl shaklida, haqiqatni mustaqil oʼrganish tamoyilini himoya qiladi. Har bir ruh koʼr-koʼrona taqlidga emas, balki oʼz idrokiga asoslangan holda, ruhiy voqeʼlikni mustaqil bilish va tushunish maʼsuliyatiga ega. Xuddi shu asnoda, dinni johillikka asoslangan taassubotdan farq qilishga ehtiyoj bor. Garchi, bu farqni aniqlash har doim oson boʼlmasa-da, uni tan olish va saqlab turishni shundayin amalga oshirish kerakki, chunonchi, din nomidan qilingan bayonotlar ong darajasida tanqidiy tahlilga uchrasin. Aks holda, diniy munozaralar, tan olinishi yoki asossiz maʼqullanishini istab, har tusli fantastik, sehrli va hatto, zararli gʼoyalar uchun platformaga aylanishi xavfi mavjud. Din nomidan qilinuvchi turli bayonotlarga nisbatan bunday tanqidiy nuqtai-nazar mavjud emas ekan, liderlikka yoki hokimiyatga intiluvchi shaxslar oʼz manfaatlari yoʼlida, odamlarning diniy his-tuygʼularini xurofot va aqidaparastlik sahniga oʼtkazishga urinadilar va natijada odamlar manipulyatsiyaga oson beriladigan boʼlib qoladilar.


Yuqorida aytilganlardan, dinnning bilim va amaliyot tizimi sifatida keng qamrovliligi va bepoyonligini bir necha tamoyillar koʼlamida qisqartirish mumkin deb taʼkidlamoqchi emasmiz. Qolaversa, eslab oʼtilgan tamoyillarda eʼtiborni qaratishdan niyatimiz, har bir dindagi hidoyat ummonidan mavjud inqirozga javoban bizni birlashtirishda muhim boʼlgan haqiqatlarni yuzaga chiqarishdir. Shuningdek, bu tamoyillarni hozirgi inqirozga nisbatan qoʼllash mumkin boʼlgan yagona taʼlimotlar deb ham taʼkidlamaymiz - dinshunos olimlar aniqlab berishi va muhokamaga koʼtarishi mumkin boʼlgan koʼpgina boshqa fikrlar boʼlishi mumkin. Umid qilamizki, bunday ochiq fikrlashuv umumbashar farovonlikka yetishish yoʼlida, dinning tutgan oʼrni haqida oydin bir munozara boʼla oladi.


Tahlikali lahzaning shoshilinch ekanligi, bizni ushbu dastlabki fikrlar bilan boʼlishishni kechiktirmaslikka majbur qildi. Yaratuvchining marhamatiga va inson qalbining olijanobligiga boʼlgan eʼtiqodimiz, ushbu sinovdan har bir millat, qolaversa, butun insoniyat, odamzodning ajralmas birligi va uning oʼzaro uzviy bogʼliqligini chuqur anglab, yanada kuchliroq va yanada koʼproq birlashgan holda chiqadi, deb ishontiradi.

Found a typo? Please select it and press Ctrl + Enter.