Skip to content Skip to footer

Oilaning tarbiyaviy salohiyatini mustahkamlash: farovon jamiyat uchun yangi modellarni izlash

2025-yil 18-iyun

Toshkent, O‘zbekiston – Raqamli transformatsiya va global tahdidlar davrida oila instituti tubdan o‘zgarmoqda. Toshkentdagi Bahoiy jamiyatining markazida uchinchi marta bo‘lib o‘tgan muloqot maydonchasi diniy jamoalar, akademik hamjamiyat vakillari, ta’lim va ijtimoiy ishlar sohasidagi mutaxassislarni birlashtirib, farovon jamiyatni barpo etish uchun oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash muhimligi e’tirof etildi.

“Oila nafaqat uning a’zolari birga yashaydigan joyga, balki behavotirlik, hamjihatlik va farovonlik maskaniga aylanishi kerak,” – dedi yig‘ilish moderatori, bahoiylar jamoasi vakili Farrux Rasulov zamonaviy O‘zbekiston uchun oilaning yangi modelini yaratish bo‘yicha munozarani ochar ekan.

Inqirozning tashxisi: ma’naviy birlikdan raqamli ajralishga

Yoqutxon Mamatova, O‘zMU jurnalistika fakulteti dotsenti, hozirgi zamonning asosiy muammosini belgilab berdi: «Biz oila haqida gapiramiz. Lekin hozir ko‘rayotgan narsamizni oila deb atasa bo‘ladimi? Bu shunchaki bir tom ostida yashaydigan odamlarmi? Yoki bu bundan ko‘proq narsa — ma’naviy birlikmi?»

Media-ekspert Gulnora Bobojonova taqdim etgan statistik ma’lumotlar bu boradagi xavotirli yo‘nalishlarni tasdiqlaydi: “Bu yil tug‘ilishlar sezilarli darajada kamaydi, nikohlar soni ham kamaydi va ajrashishlar soni oshdi. Nima uchun yoshlar turmush qurishga intilishmaydi? Bu nafaqat iqtisodiy qiyinchiliklar, balki chuqurroq ijtimoiy jarayonlar bilan ham bog‘liq.”

20-yillik tajribaga ega gender eksperti Venera Ermetova muhim an’analar yo‘qolib borayotganini ta’kidladi: “Ilgari erkak va ayollar bir-birini tushunishni o‘rganadigan “qirq kun” an’anasi bo‘lgan bo‘lsa, hozir yoshlar bir-birini chuqur o‘rganish imkoniyatidan mahrum.”

An’analarni qayta ko‘rib chiqish: an’analarni saqlab qolish va ularni yangilanishi borasida, filologiya fanlari nomzodi Ravshan Nazarov, an’analar tabiati haqida muhim bahsni boshlab berdi: “An’anaviy bo‘lgan hamma narsa ham qadriyat bo‘lavermaydi. An’ana – bu shunchaki biz o‘rganib qolgan narsalar. Biz qaysi an’analar haqiqatan ham qadriyatli mazmuniga ega ekanligini va oilani rivojlantirishga hissa qo‘shishini, qaysilari esa o‘z umrini o‘tab bo‘lganini aniqlashimiz kerak.”

Bu fikrni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xodimi Ra’noxon Tursunova davom ettirdi: “An’anaga ko‘ra, bizda oilalar juda mustahkam bo‘lgan. Ammo bugun jiddiy burilish yuz bera boshladi – ma’naviy qadriyatlar moddiy qadriyatlar bilan almashdi.”

Oilaning ruhiy asoslari: diniy an’analarning hikmati

Turli diniy jamoalar vakillari oilaning ma’naviy asoslari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘zbekiston Bibliya jamiyatining prezidenti Sergey Ternovoy zulmsiz mas’uliyatli bo‘lishning muhimligini ta’kidladi: “Erkak hamma narsa uchun javobgar. Ammo ota biror narsani qat’iy talab qilar ekan, xotini va bolalari bilan maslahatlashishi, xatti-harakatlarining sabablarini tushuntirishi kerak.”

Krishnani ogi jamoasidan Marat Xaybraximov obro‘ paradoksini ta’kidladi: “Veda madaniyatidagi birinchi vakolatli obro‘ga ega, bu xotin yoki ona. Bolaga otasining kimligini faqat onasi aytishi mumkin. Xotin farzandlar oldida otaning obro‘sini ko‘tara olishi mumkin.”

Bahoiy jamoasi vakili Shukriya Grafova o‘z amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi: “Biz bolalarni shunday tarbiya qilamizki, ular bir-birlarini hamjihatlikda farofon dunyoni qura oladigan insonlar sifatida qabul qilishsin, ayniqsa bu, dunyoning turli burchaklarida mojarolar kuchayib borayotganini kuzatganimizda juda ham dolzarbdir.”

Yangi namuna andazasi: avtoritarizmdan maslahatlashuvga

Nilufar Xo‘jayeva oilaviy munosabat andazalari tahlilini taqdim etdi: “Birinchi model dominant bo‘lib, unda[S1] barcha qarorlarni, ota-onalardan biri qabul qiladi. Bu jamiyatning yetuk emasligi alomatidir. Har bir insonning fikri inobatga olinadigan, adolat munosabatlarning asosiga aylanadigan andazaga o‘tishimiz kerak.”

Venera Ermetova er-xotin hamkorligining muhimligini ta’kidlab dedi: “Oila – bu kelishib olishni o‘rganishi kerak bo‘lgan ikki kishining ittifoqidir. Bizda to‘ylarda ota-ona bo‘lish tilagini bildirishadi, lekin er-xotin bo‘lishni hech kim o‘rgatmaydi.

Ta’lim o‘zgarishlar katalizatori sifatida

Bolalar ma’naviy ta’limi koordinatori Alyana Rasulova yaxlit konsepsiyani taqdim etdi: “Ta’limning uchta turi mavjud – jismoniy, aqliy va ruhiy. Bolada ruhiy o‘zak bo‘lsa, har bir 

Xususiy maktab direktori Hidoyatov Mirjon innovatsion yondashuvlar haqida gapirdi: “Ijtimoiy-emotsional ta’lim dasturi bolalarni o‘z his-tuyg‘ularini tushunishga, ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga, tanqidiy fikrlashga o‘rgatadi. Afsuski, aholining atigi 10 foizi bunday dasturlardan foydalanish imkoniyatiga ega.”

Bibimaryam Yoqubova, psixolog: – Ota-ona tarbiya bermaydi – ota-ona o‘rnak ko‘rsatadi. Ota bolaga “bor, kitob o‘qi” desa-yu, o‘zi telefonga mukkasidan ketsa, bola kitob olish uchun chopib ketmaydi.”

Avlodlararo muloqot: uzilishni bartaraf etish

Ruslan Bagautdinov avlodlararo ziddiyatni bartaraf etish bo‘yicha shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi: “Bolalar bilan bir umr kurashish mumkin va ular bilan ishonchli munosabatlarni o‘rnatishimiz ham mumkin. Men qizimning musiqasi bilan muntazam ravishda qiziqaman – xatolarini ko‘rsatish uchun emas, balki u nima bilan yashayotganini tushunish uchun.”

Uning yondashuvi zamonaviy voqelikka hamohang: “Biz ortga, 90-yillarga qayta olmaymiz. Raqamlashuv ko‘payib boraveradi. Bolalardan telefonini tortib ham ololmaymiz. Biz ularga ruhiy filtr qo‘yishimiz, birga vaqt o‘tkazishimiz, ularning his-tuyg‘ularini tushunish uchun musiqalarini tinglashimiz mumkin.”

Amaliy dasturlar: nazariyadan amaliyotga

Ishtirokchilar oilani mustahkamlash dasturlaridagi muvaffaqiyatli tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar. 

Shahnoza Soliyeva o‘smirlar uchun mo‘ljallangan dastur haqida gapirdi: “Usmirlar quvonch, adolat, kengashish tushunchalarini o‘rganishadi. Muhimi, bu shunchaki o‘rganishgida bo‘lib qolmaydi – ular o‘z mahallalari, maktablari uchun foydali ish qila olaman, degan fikrga kelishadi.”

Gulnora Polshkova yoshlar bilan ishlash tajribasi bilan o‘rtoqlashdi: “Tenglik, adolat, insoniyatning birligi mavzulari ularning yuraklariga juda kuchli ta’sir qildi. Seminarning oxiriga yaqin, ularda, ongli ravishda telefonlarini olib qo‘yib ishtirok etish va mulohazalar yuritish xohishi paydo bo‘ldi.”

Zaif guruhlar chaqiriqlari

Guljahon Mamadqulova, reabilitatsiya markazi raisi: – Ko‘pchilik ota-onalar uchun nogironligi bo‘lgan bolalar yuki og‘irlik qiladi. Bolalar ota-onasiz qolib, qarindoshlari ularning kvartiralarini qayta sotish holatlari ham ko‘p uchrab turadi.”

Tajribaviy mashq: rollarni qayta belgilash

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan oila a’zolarining huquq va masuliyatlarini aniqlash bo‘yicha mashq o‘tkazildi. Natija asosiy tamoyillarda yakdillikni ko‘rsatdi:

  • Har bir oila a’zosining shaxsiy makon va qaror qabul qilishda ishtirok etish huquqi
  • Ota-onalarning bolalarga uchchala turdagi (intelektual, ruhiy va jismoniy) ta’limni berish masuliyati
  • Bolalarning huquq va majburiyatlarini yoshga qarab bosqichma-bosqich kengaytirish
  • Ruhiy mas’uliyatlar va jamiyatga xizmat qilishning muhimligi

Kelajakka nazar

Ishtirokchilar yangi oila modelining beshta asosiy tamoyilini shakllantirdilar:

  • Maslahatlashuv va muloqot orqali hamkorlik modeliga o‘tish
  • Ruhiy birlilik – ruhiy qadriyatlarning ustuvorligi
  • Uzluksiz ta’lim – oilaning barcha a’zolarini rivojlantirish
  • Jamiyatga xizmat qilish – shaxsiy halovat doirasidan chiqish
  • Yumshoqlik va moslashuvchanlik – o‘zgaruvchan dunyoda qadriyatlarni saqlab qola bilish

Ishtirokchilardan biri ta’kidlaganidek: “Oila – xalqning kichraytirilgan miniatyura ko‘rinishi. Bolalar oilada meros qilib olgan xulq-atvor namunalari keyinchalik barcha ijtimoiy makonlarda namoyon bo‘ladi.”

Muloqot maydoni, oilani mustahkamlashning yo‘li jamiyatning barcha sektorlari sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali ekanligini ko‘rsatdi.

Ra’noxon Tursunova xulosa qildi: “Oila va ta’lim muammosi – bir tanganing ikki tomoni. Biz mehr-muhabbat, hamjihatlik va ma’naviy yuksalishda yashashimiz uchun zamonaviy ta’lim tizimi qanday bo‘lishi kerakligini muhokama qilishimiz kerak.”