Insoniyat, Bahoiy bitiklarida tushuntirilganidek, bolalik davrini boshdan kechirib, hozirda o‘z kollektiv yetukligining ostonasida turibdi. Bugun sodir bo‘layotgan inqilobiy va keng ko‘lamli o‘zgarishlar o‘tish davrining o‘ziga xos belgilaridandir – bu davr o‘smirlik davriga o‘xshash. Bu davrda insoniyat rivojining dastlabki bosqichlaridan kelib chiqadigan fikrlar, munosabatlar va odatlar chetlashtiriladi, hamda yaqinlashib borayotgan yetuklikni aks ettiradigan yangi fikr va harakat namunalari tobora ildiz otadi. Hazrati Abdul-Baho tushuntiradilar: “Inson nasli rivojining dastlabki tarixida uning ehtiyojlariga mos bo‘lgan narsa, mazkur kunning, ya’ni yangilanish va yutuqlar davrining talablariga na to‘g‘ri keladi, na ularni qondira oladi”. Ul Zot davom ettiradilar: “Inson endilikda yangi fazilatlar va kuchlar, yangi axloqiy me’yorlar va yangi qobiliyatlar bilan to‘lib toshishi kerak… o‘tgan bolalik davridagi hadya va marhamatlar insonning o‘smirlik davri uchun yetarli darajada va o‘z vaqtida berilgan bo‘lsa-da, yetuklik davrining ehtiyojlarini qondira olmaydi”.
Inson naslining birlashishi esa, ushbu yaqinlashib kelayotgan yetuklik davrining yaqqol nishonasi bo‘lib xizmat qiladi. Shavqi Afandi yozadilarki, “oila, qabila, shahar-davlat va millat darajasida birdamlikning bosqichma-bosqich amalga oshgani va to‘liq ijro etilgani” sayin “sarosimadagi insoniyat intilayotgan maqsad” – bu, dunyoviy birdamlik. Yana bir parchada ishora qiladilarki “bu shundayin dunyoviy sivilizatsiyaki, uni hech bir foniy ko‘z hali ko‘rmagan yoki hech bir foniy aql tasavvur qilgan emas”. Ul Zot so‘raydilar: “Ushbu sivilizatsiyaning rivojlangani sayin, uning erishishi taqdir etilmish yuksak mezonni kim tasavvur eta oladi? O‘z kishanlaridan ozod bo‘lgan inson zakovati parvoz qiladigan yuksakliklarni kim o‘lchay oladi? Hazrati Bahoulloh nuridan jonlanmish va Uning shukuhidan jilolanmish insoniy ruh tomonidan kashf etiladigan fazolarni kim tasvir eta oladi?”
Ham moddiy va ham ruhiy taraqqiy etgan jahon madaniyatining paydo bo‘lishi, hayotning ruhiy va amaliy jihatlarining birgalikda chambarchas rivojlanishi kerakligini anglatadi. Iymon va idrok orqali, odamlar va umuman olganda butkul odamzotning yashirin kuch hamda qobiliyatlarini namoyon etish va ularni amalga oshirish imkoni ochiladi. Fan va din o‘rtasidagi fundamental uyg‘unlikning tan olinishi, olam aholisi o‘rtasida ruhiy va moddiy bilimni shakllantirish, qo‘llash va tarqatishga imkon yaratadi.