Skip to content Skip to footer

Yangi O‘zbekistonda dinlararo muloqotning yangi davri: diniy sohada vijdon erkinligi va davlat islohoti konsepsiyasi muhokamasi

6-fevral, Oliy Majlis — Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida diniy konfessiyalar vakillarining deputatlar va senatorlar bilan din sohasida vijdon erkinligi va davlat siyosatini ta’minlash borasidagi yangi Konsepsiya muhokama qilingan muhim uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yangi O‘zbekiston mustaqilligi davrida ishlab chiqilgan ushbu tarixiy hujjat, fuqarolarning xohlagan dinga erkin e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini kafolatlab, barcha konfessiyalar va dindorlar uchun teng sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Ushbu muhim voqea arafasida, 2025-yil 15-yanvar kuni Toshkent shahridagi Bahoiy jamoasi turli diniy konfessiyalar, fuqarolik va ekspertlar hamjamiyati hamda davlat tuzilmalari vakillarini taklif qilib, “Dunyoviy davlatda dinning o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri kontekstida diniy tashkilotlarning fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi o‘rni muhokama qilindi.

Yanvar oyida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ekspertlar va diniy arboblar dunyoviylik konsepsiyasini zamonaviy kontekstda qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladilar. Muhokama ishtirokchilari dunyoviy davlat qonun doirasida diniy erkinlik va odamlarning ma’naviy-axloqiy rivojlanishi uchun sharoit yaratadigan mustaqil va xolis hakam bo‘lishi kerakligini ta’kidladilar. Insoniyat birligini e’tirof etishga asoslangan o‘zlikni anglashni tor tushunchasini yengish va yanada kengroq insoniy o‘zlikni anglash tushunchasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Qonunchilik Palatasidagi bugungi uchrashuv O‘zbekistondagi barcha konfessiyalar vakillariga qonun chiqaruvchilar bilan yangi Konsepsiya loyihasini muhokama qilish va o‘z takliflarini kiritish imkonini berdi. Diniy jamoatchilik tomonidan dinlararo muloqotni rivojlantirish va ijtimoiy birlikni mustahkamlashdagi hujjatning ahamiyati alohida ta’kidlanib, bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. 

Parlament uchrashuvi ishtirokchilari yangi Konsepsiya davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasida konstruktiv muloqotni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishini ta’kidladilar. Ushbu kontekstda din umuminsoniy ma’naviy va axloqiy tamoyillarni ilgari surishning ma’naviy asosi sifatida namoyon bo‘lmoqda, xalq farovonligi va umumiy manfaatlar yo‘lida xizmat qilish esa davlat, diniy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy elementiga aylanmoqda.

Barcha konfessiyalar Konsepsiya qoidalarini amalga oshirishda faol ishtirok etishga va uni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Har bir fuqaro Konsepsiyani o’rganishi va uni jamiyat hayotida amalga oshirishda ishtirok etishi uchun, Konsepsiyani joylarda qo‘llashning samarali mexanizmlarini yaratish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokama davomida O‘zbekiston Bahoiy jamoasi vakili, “dindorlar faol fuqaro sifatida mahalla instituti bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan mahallalar darajasidagi konstruktiv o’zaro ta’sir tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu tajriba mahalliy aholi bilan bevosita o’zaro ta’sir orqali ularning ehtiyoj va istaklarini, ayniqsa yoshlar va yosh oilalarga tegishli muammolarni chuqurroq tushunish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Bunday hamkorlik mahalla institutiga jamiyatning ijtimoiy hamjihatligi va birligini mustahkamlash bo‘yicha belgilangan vazifalarni yanada samarali bajarishga yordam beradi. Jamiyat radikalizm, oiladagi zo‘ravonlik, ekologik muammolar, ajrimlar sonining ko‘payishi, axloqiy va intellektual standartlarning pasayishi kabi tahdidlarga duch kelayotgan hozirgi sharoitda mahalliy aholi, faollar va mahalla institutlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish ayniqsa muhimdir. Ular jamoaviy mas’uliyatni o‘z zimmalariga olib, o‘tkir ijtimoiy muammolarning hayotiy yechimlarini birgalikda izlashlari mumkin.”

Siz bilan muloqat qilishdan mamnunmiz
Manzil

Toshkent shahar, Yashnabod tumani, Boyqorg’on MFY, Mirzo Ulug’bek ko’chasi 
38A-uy

Elektron pochta
Telefon raqam

+998-71-268-27-12

www.bahai.uz   Barcha huquqlar himoya qilingan